TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Koronavirus tufayli Turkiya davlatida mushkul vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonliklarga yordam beriladi. Bu haqida O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining matbuot kotibi ma’lum qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Turkiyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonliklarni qo‘lab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan ushbu loyiha orqali Turkiyada bo‘lib turgan fuqarolarga moddiy va ma’naviy ko‘mak beriladi, ularga eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari va maishiy tozalash vositalari yetkazib beriladi.
Buning uchun Turkiyadagi yordamga muhtoj fuqarolardan ism-sharifi, telefon raqami va yashash manzili ko‘ratilgan ma’lumotlarni O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakilligining telegram boti @UzbTrBot va tr.ozbekogrenciler@gmail.com pochta manzili orqali yuborishlari so‘ralmoqda.
Ayni damda O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakilligi #birdamlik va #hamjihatlik ijtimoiy ko‘mak loyihasini ishga tushirgan.