TOShKENT, 22 mar — Sputnik. O‘zbekistonda 65 yoshdan oshganlarga zarurat bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilinmoqda.
“O‘zbekiston fuqarolarining sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida zarur bo‘lmagan hollarda, ayniqsa 65 yoshdan yuqori va surunkali kasali bor bo‘lgan yurtdoshlarimizni uyidan tashqariga chiqmasliklari va ko‘chaga chiqqanda – shaxsiy himoya vositalari (niqob)da bo‘lishlari tavsiya etiladi”, - deyilgan Respublika maxsus komissiyasi axborotida.
Eslatib o‘tamiz, olimlarning tadqiqotiga ko‘ra, yoshi ulug‘lar koronavirus infeksiyasiga ko‘proq moyil bo‘lishadi va ularda boshqalarga nisbatan kasallik og‘ir ko‘rinishda kechadi. Qolaversa, surunkali xastaliklari bor yoshi kattalar orasida ushbu kasallikdan o‘lim holati ko‘proq uchraydi.