Stipendiya, kontrakt, yozgi ta’til: vazir o‘rinbosari dolzarb savollarga javob qaytardi

© TherunetStudenti
Studenti - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Karantin davrida magistratura va bakalavriat bosqichi talabalariga stipendiya to‘lanadimi? Shu kabi boshqa savollarga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari oydinlik kiritdi.

TOShKENT, 22 mar — Sputnik.  Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi brifingda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov koronavirus infeksiyasi profilaktikasi munosabati bilan ta’til berilishi sababli fuqarolar tomonidan berilayotgan  savollarga javob qaytardi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

OTMlardagi to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalar karantin munosabati bilan kontrakt pulini to‘lashga ulgurmagan bo‘lsa, ularga muddat uzaytiriladimi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari: 2019/2020 o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga joriy o‘quv yilining birinchi yarmi uchun kontrakt pulini 2020-yil 20-martga qadar to‘lashga ruxsat berilgan edi. Ya’ni ushbu muddatga qadar kontrakt to‘lagan abituriyent talabalikka qabul qilinadi, aks holda talaba bo‘la olmaydi.

O‘zi shundoq ham bu muddat istisno tariqasida 2019-yil sentabr oyidan beri muntazam ravishda darslarga qatnab turgan, ayrim sabablarga ko‘ra kontrakt pulini 2019-yil 31-dekabrgacha to‘lay olmagan abituriyentlar uchun imkoniyat sifatida berilgan edi. Hozirgacha 20-martga qadar to‘lay olmaganlik va muddatni uzaytirish haqida hech qanday murojaat kelib tushmadi.

Agar 1 kurslardan shunday murojaat bo‘lgan taqdirda, ushbu masala Davlat qabul komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Talabalikka qabul qilinib, birinchi semestrni yakunlagan 1-bosqich hamda boshqa barcha bosqichlardagi talabalarning kontrakt pulini to‘lash muddatlari oliy ta’lim muassasasining rektori ruxsati asosida amalga oshiriladi.

Karantin tugaganidan keyin oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga tavsiya qilamiz ular kontrakt to‘lash muddatini uzaytirish bo‘yicha o‘zlarining qarorlarini qabul qiladilar.

Kontrakt masalasida muammo bo‘lmaydi. Har yili ham turli sabablarga o‘z vaqtida to‘lay olmaganlarga sharoit yaratib berilgan. Bu yilgi holatda qachon va qanday tartibda to‘lov davom ettirilishi mumkinligi yuzasidan navbatdan tashqari ta’til tamomlanganidan so‘ng albatta xabar beramiz.

Germaniyaga grant yutib olganman, u yerga diplom nusxasini iyul oyining oxirigacha topshirish kerak. Agar topshirmasa grant kuyib ketadi. Karantin tufayli qoldirilgan darslar keyinchalik diplom himoyasi va diplom olish vaqtlariga ta’sir qiladimi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari: Ma’lumki, hozirda barcha talabalar ta’tilda. Shunday bo‘lsa ham darslarni onlayn ma’ruzalar va mustaqil ta’limga mo‘ljallangan elektron resurslar asosida o‘zlashtirish imkoniyatini yaratganmiz.

Qoldirilgan darslarni o‘zlashtirish bo‘yicha tegishli  choralar ko‘riladi, diplom ishini himoya qilish uchun ham tashkiliy choralar belgilanadi.

Garchi muddatlar uzaytirilsa, shuni ham aytish kerakki, nafaqat Germaniya, balki boshqa davlatlardagi ta’lim muassasalari ham ushbu holatni inobatga olishga qaratilgan qarorlar qabul qiladi deb o‘ylaymiz.

Koronavirus tufayli qoldirilgan darslar va oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari nima bo‘ladi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari: Birinchidan, shuni aytish kerakki, darslar hammasi ham qoldirilayotgani yo‘q. Biz oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlarimizdagi mavzularni onlayn o‘tkazib borish tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ta’til vaqtida talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib qo‘llab-quvvatlash maqsadida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida ham @eduuz_online loyihasini yo‘lga qo‘ydi.

Ma’lumki, oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari odatda avgust oyida o‘tkaziladi. O‘sha vaqtga kelib vaziyat barqarorlashadi degan umiddamiz.

Karantin davrida magistratura va bakalavriat bosqichi talabalariga stipendiya to‘lanadimi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari: Talabalar uchun to‘lab beriladigan stipendiyalar avvalgi holatida davom etaveradi. Faqat to‘lov turida o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Ya’ni kimdir hozirgacha stipendiyasini naqd pul ko‘rinishida olib kelgan bo‘lsa, ta’tilda ekanini inobatga olib, ularning roziligi asosida plastik kartasiga to‘laqonli tushirib beriladi.

Stipendiya to‘lashda hammaga bir xil qaraladi: bakalavrlar, magistratura, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida o‘qiyotganlarning barchasi belgilangan tartibda stipendiyalarini olishda davom etadilar. Ya’ni stipendiyali va stipendiyasiz kontrakt asosida o‘qiyotganiga qaraladi.

OTM o‘qituvchilarining barchasi mehnat ta’tiliga chiqishlari mumkinmi? Karantin davrida ularga haq to‘lanadimi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari: 23-martdan boshlab Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchi va xodimlarining aksariyat qismi belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqariladi, qolgan xodimlarning faoliyati maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etiladi.

Talabalarga o‘qish qachon boshlanadi? Karantin tufayli berilgan ta’til sabab yozda ta’til berilmaydimi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari: Talabalarga o‘qish bugungi kundagi koronavirus infeksiyasi xavfi pasayib, dars o‘tish va jamoviy tadbirlarni o‘tkazishga doir xavf-xatarlar bartaraf etilganidan keyin boshlanadi. Bu jarayon albatta ommaviy axborot vositalari orqali tegishli vazirlik va idoralar tomonidan e’lon qilinadi.

Karantin sabab yozdagi ta’til muddati qisqarishi tabiiy, uning muddati karantin sababli berilgan ta’tilning qanchalik davom etishiga bog‘liq.

Sirtqi ta’limdagilar, qayta tayyorlash va malaka oshirishdagilarga ham ta’til beriladimi? Aprel oyida bizda darslar boshlanishi kerak edi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari: Ta’til barchaga tegishli. Nafaqat kunduzgi yoki sirtqi ta’limdagi, balki qayta tayyorlash va malaka oshirishda o‘qiyotgan va o‘qishi lozim bo‘lganlarga ham tegishli.

Aprel oyida karantinning davom etish yoki etmasligi hozircha bizga noma’lum. Shuning uchun aprelga qadar vaziyatga qarab yana qo‘shimcha xabar berib boriladi.

Yangiliklar lentasi
0