TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Toshkent shahrida dehqon bozorlari, shifoxonalar, dorixonalar va turli taomlarni yetkazib berish xizmati faoliyati to‘xtatilmaydi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, poytaxtda koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar, jumladan, jamoat transporti harakatining to‘xtatilishi aholi orasida boshqa turli mish-mishlar avj olishiga sabab bo‘lgan.
“Ma’lum qilamizki, aholining kundalik ehtiyoji inobatga olingan holda dehqon bozorlari, shifoxonalar, poliklinikalar, aptekalar, turli taomlarni yetkazib berish xizmati faoliyati to‘xtatilmaydi. Ular avvalgi tartibda ishlashni davom ettiradi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 22-mart kunidan Toshkentda jamoat transporti qatnovi to‘xtatildi. Shaharda faqat dezinfeksiya qilingan yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashilishiga ruxsat berildi. O‘z navbatida, Toshkent hokimi taksichilarga murojaat qilib, ularni yo‘lkirani oshirmaslikka chaqirdi.