TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Qashqardaryo viloyatida karantindan qochmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi.
Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 20-mart kuni Moskva-Toshkent poyezdi orqali O‘zbekistonga kirib kelgan 25 yoshli namanganlik Abbosov M.R. o‘rnatilgan tartibda Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan karantin markaziga joylashtirilgan.
Ushbu fuqaro 21-mart kuni karantin markazi devoridan oshib o‘tib, qochishga uringan. Biroq karantin hududi bo‘ylab xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati xodimi tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida karantinda bo‘lib turib, belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay qochgan shaxs ushlangani xabar qilingan edi.