TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Toshkent shahar bosh imom xatibi Nuriddin Xoliqnazarov mamlakat bo‘ylab Koronavirusning oldini olish va unga qarshi kurashish harakatlari olib borilayotgan bir paytda vaziyatdan foydalanib, narxlarni sun’iy ravishda oshirayotganlar va ortiqcha vahimaga tushayotganlarni tanqid qildi.
— Sun’iy ravishda narxlar qimmat qilib olishdi. Odamlar vahimaga tushib qoldi, ocharchilik bo‘lgani yo‘q azizlar, qahatchilik bo‘lgani yo‘q. Xuddi oxirgi zamon boshlanib ertaga qiyomat bo‘larkan degan qabilida bor narsani yig‘ishtirib, uyga olib kirish kerakmas. Agar olloh sizga rizq qilib bermagan bo‘lsa, bir tonna un olib kirsangiz ham bir tishlam yedirmasdan Olloh to‘xtatib qo‘yadi, – deya murojaat qiladi aholiga Toshkent bosh imom xatibi Nuriddin Xoliqnazarov.
— Urush davrida ham bunaqa ish qilishmagan, bir mayizni qirq kishi bo‘lib yegan. Ba’zi bir qo‘shtirnoq ichidagi “tijoratchi tadbirkorlar” musibatdan, vahimadan foydalanib nafsining ko‘yiga kirib, mahsulotini qimmat qilib sotayotganlar bor, ular Ollohdan qo‘rqsin... Sizning topayotgan pulingizda baraka bo‘lmaydi, ularning boshiga qiyinchilik tushib turgan paytda foydalanaman, degan odam hiyonatchi odam. Vataniga, yurtiga dindoshiga hiyonat qilyapti, – deydi yana u.
Imom xatib shuningdek, viloyatlarga qatnovchi transport vositalari haydovchilarning yo‘lkira narxlarini sun’iy ravishda 2-3 baravar qimmat narxlarga ko‘tarib olganliklarini tilga oldi.