TOSHKENT, 18 mar — Sputnik. Bosh vazir Mixail Mishustin Buyuk Britaniya, AQSH va BAAga parvozlarga vaqtinchalik cheklovlar joriy etishni buyurdi. Bu haqda Rossiya hukumati saytida xabar berilgan.
Koronavirus tarqalishi munosabati bilan kiritilayotgan cheklovlar 20 mart kuni yarim tundan boshlab Rossiya hududidan va Rossiyaga boʻladigan fuqarolar tashuviga joriy etiladi. Moskvaning Sheremetyevo aeroportidan London, Nyu-York, Abu-Dabi shaharlariga amalga oshiriladigan muntazam parvozlar bundan mustasnodir.
Bundan tashqari, ushbu qaror koʻrsatilgan davlatlardan rossiyaliklarni olib chiqishga qaratilgan charter reyslarga ham joriy etilmaydi.
Transport vazirligi hukumatga 20 mart sanasiga qadar natijalar toʻgʻrisida hisobot taqdim etishi lozim. Rosaviatsiyaga bir sutka davomida aviakompaniyalar va boshqa manfaatdor tomonlarni cheklovlar haqida xabardor etish topshirigʻi berilgan.
Sal oldin Rossiya Xitoy, Eron, Janubiy Koreya, YEI mamlakatlari, shu jumladan, Italiya, Germaniya, Frantsiya, Ispaniya, shuningdek, Norvegiya va Shveytsariya, bilan parvozlarni toʻxtatgan edi.
Tegishli cheklovlar boshqa davlatlar tomonidan ham kiritilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi
Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 11 mart kuni Xitoydan tarqalgan yangi turdagi COVID-19 koronavirus infektsiyasi epidemiyasini pandemiya deb eʼlon qildi.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyoda 200 mingga yaqin inson koronavirus bilan bemorlangan, ularning 80 mingga yaqini shifo topgan, 7 mingdan ziyodi vafot etgan. Koronavirus 155 ta davlatga kirib borgan.
Oʻzbekistonda koronavirusni yuqtirgan bemorlar soni 15 nafarga yetdi.