TOShKENT, 17 mar - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Aholini ro‘yxatga olish – bu O‘zbekiston Respublikasining aholisi to‘g‘risida ishonchli va xolis axborot yig‘ishdir.
Qonun bilan aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari belgilandi. Bular davriylik, umumiylik va bir paytdalik, ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi, aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligidan iboratdir.
Aholini ro‘yxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish Vazirlar mahkamasi, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi (Davlat statistika qo‘mitasi), shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Qonun bilan ushbu organlarning bu sohadagi vakolatlari belgilandi.
Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar maxsus vakolatli davlat organiga aholini ro‘yxatga olish sohasidagi vazifalarni bajarish yuzasidan ko‘maklashadi.