TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Amerikalik olimlar odamlarda koronavirusga qarshi vaksinasining klinik sinovlarini boshladilar. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Sietldagi Kaiser Permanente Washington Research tadqiqot instituti sinovlarida jami 45 nafar ko‘ngilli ishtirok etmoqda. Ular oy davomida ikki dozadan vaksina oladilar.
Preparatning birinchi inyeksiyasi kichik texnologik kompaniyada ishlaydigan menejerga kiritildi.
Vaksina qachon tayyor bo‘lishi hozircha noma’lum.
Koronavirusning tarqalishi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi koronavirus epidemiyasini pandemiya, deb e’lon qildi. Yevropada eng murakkab vaziyat Italiya, Ispaniya va Fransiyada yuzaga kelgan. Rossiyada ayni vaqtda 93ta COVID-19ni yuqtirganlik holati ro‘yxatga olingan.
O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirgan bemorlar soni 8 nafarga yetdi. Poytaxt Toshkent shahrida O‘zbekiston fuqarolarining koronavirus infeksiyasi yuzasidan tug‘ilgan savollariga o‘z vaqtida javob qaytarish maqsadida 1003 raqami bilan koll-markaz tashkil etilgan.
Ushbu markazda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining 200dan ortiq malakali mutaxassislari tomonidan javob qaytarilmoqda.
Bir sutka davomida 20 mingdan ortiq fuqarolarning murojaatlariga javob qaytarildi.