TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar sakkiz nafarga yetdi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Shu yilning 15-mart kuni Virusologiya ilmiy tekshirish instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida, shuningdek, uning o‘g‘li va qizi, turmush o‘rtog‘i va nabirasida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilingandi.
Olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra, ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan qarindoshida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.
Bundan tashqari, 14-mart kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga qarashli London–Toshkent yo‘nalishidagi 201- reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni soat 05:15 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” avia kompaniyasiga qarashli Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida ham ushbu infeksiya qayd etilgan edi.
Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati olinib, ularning salomatligi ustidan ham tibbiy nazorat o‘rnatildi.
Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.