TOShKENT, 16 mar - Sputnik. O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlari ahvoli qoniqarl, vahimaga berilmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishingizni so‘raymiz, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
– Hozirga qadar koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 6 nafar bemor klinikamizda yotqizilgan. Ular Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, belgilangan stantdartlar asosida davolanmoqda, – deydi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyev. – Bemorlar shifokorlar tomonidan kecha-yu kunduz tibbiy nazoratga olingan. Umumiy ahvoli doimiy kuzatuvga olingan. Ayni paytda bemorlarimizning ahvoli qoniqarli.
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, tibbiyot muassasalari zarur dori-darmon vositalari hamda mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlangan. Shu bois aholidan vahimaga berilmasdan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishlarini so‘rab qolamiz, deyilgan SSV xabarida.