TOSHKENT, 15 mar - Sputnik. 16 mart sanasidan ikki hafta muddatga eʼlon qilingan karantin vaqtida yolgʻon va tekshirilmagan hamda odamlarda vahima yaratadigan xabarlar tarqatadigan shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan choralar koʻriladi.
Bu haqda Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida koronavirus infektsiyasi kirib kelishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirishga bagʻishlangan shoshilinch yigʻilishda xabar qilindi.
Barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis hamda boshqa oʻtkazish vaqtinchalik toʻxtatiladi.
Hukumat barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni oʻtkazishni vaqtincha cheklash boʻyicha murojaat qilishi aytilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, koronavirus infektsiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida Oʻzbekistonda Navroʻz umumxalq sayllari, ommaviy marosimlar, jumladan uloq-koʻpkari, kurash va boshqa odamlar koʻp toʻplanadigan tadbirlar vaqtincha bekor qilinishi haqida xabar qilgan edik.
Shuningdek, Oʻzbekistondagi barcha OTM talabalari, maktab oʻquvchilari va maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga 16 martdan taʼtil berilishi haqida eʼlon qilingan edi.
Oʻzbekistonliklar koronavirus boʻyicha barcha savollarga 1003 raqami orqali javob olishlari mumkin.