TOShKENT, 14 mar – Sputnik. Yangi turdagi koronavirusdan davolangach bemorlarda o‘pka funksiyalari yomonlashuvi kuzatilishi va ular tez qadam bosganda nafas yetishmovchiligidan qiynalishlari mumkin, deb xabar berdi Gongkong kasalxonalar muassasasi boshqarmasi.
Ushbu xulosa koronavirusdan davolangan 12 nafar bemor holati ustidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslangan. Malika Margaret nomidagi kasalxonaning yuqumli kasalliklar markazi rahbari Ouen Szenning aytishicha, bemorlar orasida ikki yoki uch nafari bundan avval bajargan ishlarini bajara olmay qolgan.
"Tez qadam tashlaganda, ularning nafas olishi yomonlashmoqda. Ayrim bemorlarda, ular tuzalganidan so‘ng, o‘pka funksiyasining 20-30 foizga pasayishi kuzatilishi mumkin", - deya shifokor so‘zlarini keltirib o‘tgan South China Morning Post nashri.
Uning aytishicha, bemorlarning o‘pka funksiyalari naqadar zaiflashganini aniqlash uchun ko‘rik davom ettiriladi. Shuningdek, o‘pkani mustahkamlash maqsadida ularga fizioterapiya tavsiya qilinadi.
Ouen Szenga ko‘ra, COVID-19 - o‘pka fibrozi rivojlanishiga turtki bo‘la oladimi-yo‘qmi, shuni ham o‘rganish maqsad qilingan.
Shifokor kasallikdan tuzalgan bemorlarga, to o‘pka o‘zini tiklab olishi uchun suzish bilan shug‘ullanishni tavsiya etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi koronavirus - Covid-19 epidemiyasini pandemiya, deb e’lon qildi. Dunyoning 130ta davlatida ushbu virusdan bemorlanganlar soni 140 mingdan oshib ketgan, ularning aksariyati sog‘aygan, ammo besh mingdan ortig‘i vafot etgan.