TOShKENT, 12 mar — Sputnik. “Qishloq qurilish bank”ining Sariosiyo filiali xodimlari o‘qituvchilar maoshini talon-taroj qildi. Bu haqda Bosh prokuraturasi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan ATB “Qishloq qurilish bank”ining Sariosiyo filiali xodimlari faoliyatiga oid tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Natijada bankning chakana xizmatlar bo‘limini yurituvchi rahbari va boshqalarning kirdikorlari fosh bo‘lgan.
Ushbu shaxslar maktab o‘qituvchilari va xodimlariga 2019-yil dekabr va joriy yilning yanvar oyi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan jami 1,2 mlrd so‘m miqdordagi ish haqlari hamda avans pullarini o‘zlashtirib yuborishgan.
Departament tashabbusi bilan ushbu summadagi mablag‘lar to‘liq undirib olingan.
Hozirda holat yuzasidan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.