TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Bosh prokuraturada Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bilan Rossiya Tergov qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlik professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish va shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish orqali izchillik bilan rivojlanayotganligini ta’kidlashdi.
Taraflar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar va idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.
“Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim hamda 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan idoralararo hamkorlik Dasturi imzolandi”, - deyilgan xabarda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu hujjatlarning amalda tatbiq etilishi huquqiy sohada axborot va ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Rossiya delegatsiyasining tashrifi shakllangan sermahsul aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash yo‘lida muhim qadam ekanligi qayd etildi.