TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Markaziy bank kichik tanga va banknotlar muomaladan chiqarilganini tushuntirib berdi.
“Markaziy bankning 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi banknot va tangalarini muomaladan qaytarib olish muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda”, - dedi Markaziy bank Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti direktori Fazliddin Bozorov
Buning asosiy sabablari quyidagilar bilan izohlanadi.
Dunyodagi aksariyat mamlakatlarda tangalarning asosan 4-5 xil nominali, banknotlarning 5-6 xil nominali muomalada. O‘zbekistonda esa bugungi kunga qadar muomalada rasman 14 ta (1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘m, 50 so‘m, 100 so‘m, 200 so‘m, 500 so‘m) nominaldagi tangalar, 12 ta (1 so‘m, 3 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘m, 200 so‘m, 500 so‘m, 1000 so‘m, 5000 so‘m, 10 ming so‘m, 50 ming so‘m, 100 ming so‘m) nominaldagi banknotlar mavjud.
Shuningdek, butun dunyoda amal qilinadigan muomaladagi pul belgilarining nominal qatorini belgilash nazariyasiga ko‘ra, eng kichik nominaldagi pul belgisi (asosan tanga ko‘rinishida) o‘rtacha kunlik ish haqining 1/1000 qismini tashkil etishi lozim.
"O‘zbekistonda bu nisbat 85,2 ni tashkil etadi (Davstatqo‘m ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil yakunida o‘rtacha oylik hisoblangan ish haqi – 2 324,5 ming so‘m, daromad solig‘i chegirilganda 2 045,6 ming so‘m), - deyiladi xabarda.
Shunga ko‘ra, naqd puldagi hisob-kitoblar uchun eng kichik nominaldagi pul belgisining 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolishi yuqoridagi nazariyaga asoslangan.
Ta’kidlanishicha, 1994-2001 yillarda muomalaga kiritilgan 25 so‘mlik va undan kichik nominaldagi tangalar hamda banknotlar bugungi kunda naqd puldagi to‘lovlarda ulardan umuman foydalanilmayapti.
Shu bois 2006-yildan buyon bunday qiymatdagi tangalar zarb qilinmayapti va banknotlar bosib chiqarilmayapti.
Endi naqd puldagi to‘lovlar qanday amalga oshiriladi?
Respublikada eng kichik qiymatdagi pul belgisi 2018-yil namunasidagi 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolayotganligini inobatga olib, chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatishda naqd pulda amalga oshiriladigan to‘lovlarni 50 so‘mga yaxlitlash lozim bo‘ladi.
Ya’ni tovarlar va xizmatlarning yakuniy hisob-kitoblari bo‘yicha to‘lovlar naqd pulda amalga oshirilganda, umumiy qiymatning 1 tiyindan 49 so‘m 99 tiyingacha bo‘lgan qismi quyidagicha:
- 1 tiyindan 24 so‘m 99 tiyingacha bo‘lgan tangalar va banknotlar qiymati, 0 so‘mga tenglashtirilgan holda;
- 25 so‘mdan 49 so‘m 99 tiyingacha bo‘lgan tangalar va banknotlar qiymati, 50 so‘mga tenglashtirilgan holda yaxlitlanadi.
Misol uchun: 257 (257-250=7≈0)≈250 so‘m, 474 (474-450=24≈0)≈450 so‘m, 376 (376-350=26≈50)≈400 so‘m, 586 (586-550=36≈50)≈600 so‘m.
Hayotiy misol sifatida: bugungi kunda tabiiy gaz narxi 1 metr kub. – 380 so‘m, elektr energiyasi narxi 1kVt/soat – 295 so‘m bo‘lib, fuqaro 212 metr kub. tabiiy gaz va 115 kVt/soat elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirmoqchi.
Bunda tabiiy gaz uchun – 80 560 so‘m, elektr energiyasi uchun – 33 925 so‘m.
To‘lovni naqd shaklda amalga oshirmoqchi bo‘lgan fuqaro tabiiy gaz uchun 80 550 so‘m, elektr energiyasi uchun 33 950 so‘m to‘lashi mumkin.
“Yaxlitlash naqd pulsiz va bank kartalari orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga tadbiq etilmaydi. Naqd pulsiz hisob-kitob hujjatlarida (to‘lov topshiriqnomasi, to‘lov talabnomasi va boshqalar) summalar yaxlitlanmasdan to‘lig‘icha qayd etiladi va qayd etilgan summaga operatsiyalar amalga oshiriladi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 1-martdan 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatidagi tanga va banknotlar muomaladan chiqarilgan edi.