TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Bir oz avval ijtimoiy tarmoqlarda shifoxonada noma’lum yigit tomonidan shifokorga pichoq bilan hujum qilinganligi aks etgan videorolik tarqalgan edi.
Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan shifokorga bo‘lgan tajovuz yuzasidan surishtiruv o‘tkazilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Andijonning Dukchi Eshon ko‘chasida ro‘yxatda turuvchi fuqaro joriy yilning 29-fevral kuni opasi yashash xonadonida yiqilib, tan jarohati olganligi sababli uni Respublika Shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Andijon filialiga tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib kelgan.
Shifokor tomonidan ro‘yxatga olish bo‘yicha o‘zaro suhbatlashish vaqtida opasiga birinchi yordam ko‘rsatilmayotganligiga e’tiroz bildirib, fuqaro yonida bo‘lgan temir buyumni shifokorlar tomonga otib yuborgan va shovqin solib shifoxona tinchligini buzgan.
Fuqaro sodir etgan harakatlari yuzasidan pushaymonligini bildirib, o‘sha kuni qo‘lida pichoq emas, ustachilik jarayonida ishlatish uchun mo‘ljallangan mehnat quroli bo‘lganligini aytmoqda va shifokorlardan uzr so‘ramoqda.
Hozirda mazkur holat Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.