TOShKENT, 6 mar - Sputnik. Kecha, 5-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi, deb xabar beradi matbuot xizmati.
"Shavkat Mirziyoyev Sumi Chakrabartining ikki tomonlama hamkorlikning zamonaviy darajasiga erishishdagi shaxsiy hissasi va faol sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi", - deyiladi bayonotda.
Suma Chakrabarti YeTTB O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va sheriklik portfelini tubdan kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi.
Infratuzilmani modernizatsiya qilish, bank sektorini, to‘qimachilik va boshqa sohalarni, kichik biznes tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor loyihalarni tayyorlash va ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, ilg‘or tajribalar, bilim va texnologiyalarni jalb etishga ko‘maklashishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarning jadvali va kun tartibini muhokama qildilar.
Avvalroq, O‘zbekiston hukumati va YeTTB energetika va uy-joy-kommunal sohalaridagi loyihalar uchun umumiy qiymati 246,1 mln.dollarni tashkil qiluvchi kredit bitimini imzolagan.