TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Toshkentda firibgarlik bilan fuqaroni salkam 3 ming dollarga chuv tushirgan ayolga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, Sergeli tumani IIO FMBga 56 yoshli N.O. murojaat qilgan. Ayol 2019-yili 2-dekabr kuni uning uyiga notanish ayol kelib, uning uyiga va katta o‘g‘liga sehr tekkaniga ishontirganini ma’lum qilgan.
Notanish ayol “sehrdan xalos etishini” va’da qilgan. O‘z “xizmati” uchun esa N.dan 1,5 ming dollar va umumiy qiymati 1,3 ming dollarga teng bo‘lgan tilla taqinchoqlarni olib, voqea joyini tark etgan.
Holat yuzasidan JKning 168 moddasi (“Firibgarlik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishgan. Natijada firibgarlikda gumonlanuvchi shaxs qashqadaryolik 32 yoshli M.B. qo‘lga olindi. Unga nisban shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi qo‘llangan.