TOSHKENT, 2 mar - Sputnik. Namanganda “Uch pahlavon” haykali qayta ochildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri shahar hokimligiga asosan.
“Uch pahlavon” haykali Namangan shahrining Islom Karimov koʻchasida, “Afsonalar vodiysi” bogʻi yonida joylashgan. Ushbu hududning oldingi nomi - Selxona boʻlgan.
Namangan viloyati aholisi asrlar davomida seldan aziyat chekkan, viloyat hududida 5ta ana shunday selxona boʻlgan. Tabiiy ofatdan saqlanish maqsadida 1968 yilda viloyat rahbariyati shu yerda uzunligi 600 metr balandligi 19 metr boʻlgan toʻgʻon qurishga qaror qiladi. Yangi toʻgʻon 3 yilda qurib bitkaziladi. Paydo boʻlgan hovuz sathi 36,4 gektar maydonni egallab, u 3,4 million kub metr suv saqlash quvvatiga ega boʻladi.
Toʻgʻon bilan bir vaqtda, ushbu daryodan bahra oladigan uch millat oʻzbeklar, qirgʻizlar va tojiklarning birdamligini ramzi sifatida "Uch pahlavon" haykali ham quriladi. Haykal muallifi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Mutallib Abbosov (Navoiy nomidagi viloyat teatrining bosh rassomi)
Haykalning asosiy gʻoyasi - inson ona tabiatga gʻazab qilolmasada uning qalbida mardlik va matonat bor bahodirlar el boshiga ish tushganda zalvorli yukka yelka tutadilar, balo-ofatlarga koʻkraklarini qalqon etdilar.
Selxona, toʻgʻon, yoʻl, haykal – hammasi 1971 yil kuzida qurib bitkazilgan. Bahodirlar siymosi oʻsha paytda “Mardlik” monumenti nomini oldi, shohkoʻcha esa “Doʻstlik” nomi bilan ataldi.
1990-yillarda "Uch pahlavon" ham ikki marta vandallarning hujumiga duchor boʻlganidan soʻng, vaqtincha xavfsiz joyga koʻchirilgan edi.
Bugun, mana tarixiy haqiqat qaror topib, xalqimizning ezgu fazilat va qadriyatlarini, matonatini abadiylashtirish uchun bapro etilgan “Uch pahlavon” haykali eski oʻrniga qaytarildi. “Uch pahlavon” haykali kundan kunga chiroy ochib borayotgan Namanganning eng diqqatga sazovor obʼyektlaridan biriga aylanishi shubhasiz, - deyilgan xabarda.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, shahar hokimi Shavkat Abdurazzaqov, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdilar.