TOSHKENT, 2 mar – Sputnik. Toshkent viloyati bojxonachilari chegara orqali “Oqpanja gibbon” va olti bosh “Yavana makkakasi” zotiga mansub maymunlarni noqonuniy olib oʻtish holatini aniqladilar, deb xabar qildi bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona posti orqali qoʻshni mamlakatga oʻzining “Leksus RX 330” avtoulovida chiqib ketayotgan fuqaro Bobojonovning xatti-harakatlari bojxonachilar eʼtiborini tortdi va ushbu fuqaro oʻrnatilgan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

Natijada, avtomashinasida baliq ozuqalarini olib oʻtayotganligini maʼlum qilgan fuqaro, aslida umumiy qiymati 100 million soʻmlik bir bosh “Oqpanja gibbon” va olti bosh “Yavana makakasi” turidagi maymunlarni olib chiqib ketayotganligi aniqlandi.

Hozirda Toshkent hayvonot bogʻiga topshirilgan maymunlarning sogʻligi veterinar-shifokorlar nazoratida boʻlib, yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
"Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi 408-sonli Qonuni talablariga muvofiq, hayvonot dunyosi obʼyektlarini olib kirish va olib chiqish belgilangan tartibda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi", - deyilgan xabarda.