TOShKENT, 27 fev — Sputnik. Buxoro viloyatida savdo binolarida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 26-fevral kuni soat 22:37 da Buxoro shahar B.Naqshband ko‘chasida joylashgan savdo binolarida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.
Yong‘inni bartaraf etishga 15 ta asosiy, 2 ta maxsus yong‘in o‘chirish avtomobillari va 20 tadan ortiq yordamchi texnikalar jalb qilingan. Natijada soat 00-40 da yong‘inni tarqalishi oldi olingan va soat 01:30 da batamom o‘chirilgan.
Yong‘in maydoni 520 kv.m.ni tashkil etgani aytilmoqda. Yong‘in kelib chiqqan vaqtda aksariyat tadbirkorlar do‘konlari yopilgan bo‘lgan.
Yong‘in natijasida halok bo‘lganlar va tan jarohati olgan shaxslar mavjud emas. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.