TOSHKENT, 26 fev - Sputnik. Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK) Oʻzbekistonga 54 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit taqdim etdi. Mablagʻlar Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanining 22 ta aholi punktida va Namangan shahrida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihasini yoʻnaltiriladi.
TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, fond bilan bitimni imzolash marosimi 25 fevral kuni Vena shahrida boʻlib oʻtgan.
Ushbu loyiha doirasida xalqaro sifat standartlariga javob beradigan suv taʼminoti infratuzilmasi yaratiladi, buning natijasida Namangan viloyatining 200 mingga yaqin aholisi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.
1975-yilda tashkil etilgan, qarorgohi Vena shahrida joylashgan OPEK Jamgʻarmasi rivojlanayotgan mamlakatlarga ijtimoiy va iqtisodiy yordam koʻrsatadigan moliyaviy rivojlanish boʻyicha hukumatlararo institutdir.
1999-yildan beri ushbu tuzilma Oʻzbekistonda davlat sektorida umumiy qiymati qariyb 80 million dollarga teng boʻlgan 7 ta loyihani amalga oshirdi, shundan 47,2 million dollari ichimlik suvi va sanitariya sohasidagi loyihalarni imtiyozli kreditlash uchun, 12,73 million dollari qishloq xoʻjaligiga, 5 million dollardan transport va taʼlimni rivojlantirishga ajratildi.
Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida soʻzlagan nutqida yangi hukumat oldidagi muhim vazifa haqida toʻxtalib oʻtgan edi. Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni muhim vazifalardan biri sifatida belgilab bergan edi.