O‘zbekistonda odamlarni ularning roziligisiz tasvirga tushirishni taqiqlash taklif qilindi

© Sputnik / Sergey Patakov / Mediabankka o‘tishSifrovoy fotoapparat "Zenit-M"
Sifrovoy fotoapparat Zenit-M  - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Adliya vazirligi Fuqarolik kodeksiga qo‘shimcha kiritishni taklif qildi. U bilan fuqarolarni ularning roziligisiz tasvirga tushirish taqiqlab qo‘yilishi mumkin.

TOShKENT, 25 fev — Sputnik. O‘zbekistonda fuqaroning tasviriga bo‘lgan huquqini himoya qilishga oid qonun qabul qilish taklif qilinmoqda. Adliya vazirligining tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

“Fuqaroni tasvirga (shu jumladan, foto tasvirini hamda uning tasviri aks etgan video tasvir yoki tasviriy san’at asarini yaratish) tushirish, shuningdek uning tasviridan foydalanish uchun ushbu fuqaroning roziligi, agar fuqaro voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakillari roziligi talab etiladi”, - degan modda bilan Fuqarolik kodeksiga qo‘shimcha kiritish taklif qilingan.

Bundan quyidagi hollar mustasno: tasvirdan davlat yoki jamiyat manfaatlari uchun foydalanilganda, fuqaro ommaviy tadbirlarda (konsert, bayram sayillari va boshqa) va jamoat joylarida (umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim muassasalari, hayvonot bog‘i, istirohat bog‘lari, ko‘chalar va boshqa) tasvirlangan hamda tasvirdan foydalanishdan maqsad faqat ushbu joylardagi umumiy jarayonlarni namoyish etish bo‘lsa.

Shuningdek, davlat va jamoat arboblari hamda ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalar taniqli vakillarining tasviridan jamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otadigan axborotni tarqatish maqsadlarida foydalanilganda.

Fuqaroning ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilinmasdan tushirilgan va (yoki) foydalanilgan tasviri saqlanayotgan manbadan (fotoapparat, kamera, mobil telefon va boshqa uskunalar xotirasidan) o‘chirib tashlanishi, fuqaroning tasviri aks ettirilgan moddiy ne’matlarning yo‘q qilinishi va muomaladan chiqarilishi, shuningdek har qanday bosma va elektron ommaviy axborot vositalaridan, Internet tarmog‘idan hamda tashqi reklama va reklama xususiyatiga ega bo‘lgan tarqatma materiallardan olib tashlanishi lozim.

Ushbu modda talablariga rioya etilmasligi oqibatida fuqaroga va ushbu fuqaroni tasvirga tushirgan va (yoki) uning tasviridan foydalanuvchi shaxsga yetkazilgan zararlar va ma’naviy ziyonni undirish sud tartibida hal qilinadi.

Qonun loyihasida 8-martga qadar muhokama qilinadi. Xohlovchilar bu borasida o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin.

Yangiliklar lentasi
0