TOSHKENT, 23 fev — Sputnik. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Yakkasaroy tumani “Yunus Rajabiy” mahallasida koʻp yillik 81 ta daraxtlarning kesilganligi holati yuzasidan tekshirish oʻtkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Natijalariga koʻra Yakkasaroy tumani hokimligi va “B. And S.” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 198-moddasi (Ekinzor, oʻrmon yoki boshqa dov-daraxtlarga shikast yetkazish yoki ularni nobud qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ayblanuvchilarga nisbatan garov ehtiyot chorasi qoʻllanilgan
“Tergov davomida jami 1 mlrd. 891,3 mln. soʻm miqdorda yetkazilgan zarar undirilishi taʼminlandi”, - deyilgan xabarda.
Taʼkidlanishicha, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar prokuraturasining aniqlik kiritishicha, “Building And Supplies” MCHJ tomonidan unga ajratilgan yer maydonidagi koʻp yillik 81 ta daraxtlar qonunga zid ravishda kesilganligi oqibatida oʻsimlik dunyosiga 630,4 mln. soʻm moddiy zarar yetkazilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi ilgari tadbirkor daraxtlarni noqonuniy kesib tashlagan yerda 150 ta yangi daraxt kūchatlari ekilishi xabar qilingan edi.