Ikkinchi jahon urushi haqida soʻz borganda kishining beixtiyor chuqur oʻyga tolishi, koʻz oʻngida vatan uchun jonini tikkan mard va jasur askarlar, qonli jang maydonlari gavdalanadi. Jumladan, urush voqealarining dahshatli sasi va bu tarixga guvoh boʻlgan keksalarning hikoyalari chalinadi qulogʻimiz ostida.
Shu damlarda esa, albatta, bugungi tinch va osuda hayotimiz uchun yaratganga shukronalar aytib, tinchlik deb atalmish neʼmatning qadriga yetish kerakligini his qilamiz. Shukronalik hissini tuyish, osuda tunda xotirjam koʻz yumib, nurafshon tongni ozodlikda qarshi olishimiz uchun Oʻzbekistonning minglab fidoiy oʻgʻlonlari oʻz jonini fido qilgan. Ular orasida tinchlik neʼmatidan bahramand boʻlish baxti nasib etgan faxriylarimiz esa bugun oramizda, qarilik gashtini surib, tarix xotiralaridan bizga oʻrnak boʻlarli hikoyalar soʻzlab kelishmoqda. Ulardan biri esa — isteʼfodagi general-mayor Abdullajon Artikbayevdir. Quyida uning mashaqqatli, ammo oʻrnak boʻlishga arzirli hayot yoʻliga toʻxtalmoqchimiz.
Sputnik muxbiri u bilan suhbatlashish maqsadida uning xonadonida boʻldi. Oila aʼzolarining aytishicha, qahramonimiz oʻz uyida yiqilib, oyogʻi jarohatlanganligi bois toʻshakda yotgan ekan. Boshidan oʻtganlarini gapirib berarkan, otaxon beixtiyor koʻzlariga yosh oldi...
Abdullajon Artikbayev 1925 yilda hunarmandlar oilasida tugʻilib, uning bolaligi va yoshligi Konibodomda oʻtgan. Oʻzining eslashi boʻyicha, u tugʻilgan oila juda katta boʻlgan. Oilada hamma, opa-singlisi, aka-ukalari mehnatkash boʻlishgan. Ikkinchi jahon urushi boshlanganida esa u 17 yoshda boʻlib, harbiy xizmatni Turkiston harbiy okrugining Qizil bayroqli 368-Samarqand polkidan boshlab, keyinchalik Toshkent harbiy bilim yurtiga oʻqishga yuborilgan.

“Urush boshlanganda frontga askarlar yetishmagan. Men 42-chi yilning oktyabrida voyenkomatga chaqirildim. Voyenkomatlarga juda ogʻir — frontga soldatlarni yetkazish vazifasi yuklatilgan edi. Men chaqirilgan mahalda oʻqiyotgan talaba boʻlganman. Front maʼlumotidan qatʼiy nazar, jangovar askarlarni talab qilgan. Men uchta urushni boshimdan kechirganman. 17 yoshimda juda baquvvat edim, barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtardim. Kross yugurishdan xech kimdan qolib ketmasdim, marsh-brosok, strelba (oʻq otish) da, barcha normalarni bajarar edim, frontga tezroq tayyorlanishim kerak edi va shunday tayyorgarlik bilan frontga ketdim. Oʻshanda juda ogʻir vaziyat boʻlgan”, – deya eslaydi u oʻzining frontga ketishi bilan bogʻliq xotiralarni.
Abdullajon Artikbayev 1945 yil 22 fevralda bilim yurtini tugatgach, yosh bitiruvchilarni Termizdagi 15-zaxira zobitlardan iborat boʻlgan alohida polkka kiritishgan. Ularni shu joyning oʻzidan frontga joʻnatishgan. Qahramonimiz hozirgi Ukrainaning Lvov, Mukachevo nomli hududlarda vzvod komandiri sifatida qoʻporuvchi-bosqinchi toʻdalarga qarshi jangovar amaliyotlarda ishtirok etgan.
“6 yoshdan taʼlim olganligim va maʼlumotim oʻrta boʻlganligi, men tushgan boʻlinmaga komandir kerak boʻlganligi sababli, meni shu lavozimga tayinlashdi. Holat juda ogʻir boʻlgan. Urushda yangi soldatlarga talab juda katta boʻlgan. 1-2-chi yillarda juda koʻp yoshlar halok boʻldi. Janglardan birida men ham yarador boʻldim. Ozgina yotib davolandim”, – deya soʻzlaydi faxriyimiz.

Abdullajon Artikbayevga koʻra, bu urushda juda koʻp — 70 millionga yaqin inson qurbon boʻlib, gʻalaba ana shu katta qurbonlik hisobiga erishilgan. Uzoq vaqt davom etgan Ikkinchi jahon urushi qisqa qilib aytganda butun dunyo uchun juda katta yoʻqotish boʻlgan. 4 yil ichida juda koʻp qon toʻkilgan, vayrongarchiliklar, qiyinchiliklar boʻlgan. Artikbayev 1945 yilning 27 fevralidan 20 mayigacha 3 oy mobaynida Ujgorod (Ukraina) hududlarida fashistlar bilan jang olib borgan.
“Erishilgan gʻalaba juda buyuk gʻalaba boʻlgan. Biz hammamiz bir Vatan uchun harakat qilganmiz, hammamizni orqamizda oilalarimiz, ota-onalarimiz, opa-singil, ukalarimiz qolgan. Sovet halqining 24 milllion aholisi qurbon boʻldi, butun dunyoni fashizmdan halos qilish uchun... Front ortida qolganlar faqat gʻalaba uchun juda katta shijoat bilan fidokorona mehnat qilishgan. Urushda intelligentsiya oilalaridan ishchi oilalaridan chiqqan yigitlarning orasida katta farq boʻlgan. Intelligentsiyadan chiqqan yigitlar tabiatan nozik, ogʻir mehnatga layoqatsizroq, oddiy ishchi oilalaridan chiqqanlari esa juda ishchan, chiniqqan edi. Urushda asosiy chaqirigʻimiz “Vatan uchun” soʻzlari boʻlgan”, – deya eslaydi u.

Urush tugagach, harbiy xizmatni davom ettirish uchun Artikbayev qayta Termiz shahriga joʻnatilgan. Bu yerda Tojikiston chegara okrugi shtati zobitlari tomonidan urushdan qaytgan 12 nafar ofitser chegara qoʻshinlarida xizmat qilishi uchun ajratib olinib, ular orasida Abdullajon Artikbayev ham boʻlgan.
1945 yilning may oyi oxirlarida u va xizmatdoshlari Stalinobodga, yaʼni hozirgi Dushanbe shahriga olib kelingan. Buyruq bilan u Kirovobodda (bugungi Panj) joylashgan chegara otryadining chegara zastavasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan. Keyinchalik Abdullajon Artikbayev Qizil bayroqli Oʻrta Osiyo chegara qoʻshinlari otryadida sidqidildan xizmat qilib, kichik leytenant unvoniga, chegara zastavasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimidan general-mayor unvoniga, undan Oʻrta Osiyo chegara qoʻshinlari otryadi qoʻmondoni oʻrinbosari lavozimiga koʻtarilgan. Oʻsha paytlarda uning Tojikistonning joʻgʻrofiy jihatdan noqulay boʻlgan hududidagi chegara zastavasidagi xizmati yengil kechmagan. Ish va yashash sharoitlarining ogʻirligi, ichki tartibida intizomning pastligi, togʻning eng baland choʻqqilarida kislorod tanqisligi, meva va sabzavotlarlarning yoʻqligi kabi sharoitlarga duch kelishgan. Kamiga yosh askar va zobitlar zangila (tsinga) kasalligiga chalinishgan. Hududda chegara punktlari oʻrtasida aloqani taʼminlash uchun kabutarlar va signal raketalardan foydalanilgan.

Abdullajon Artikbayev oʻsha paytdagi harbiy xizmat sharoitlarini yaxshilab, zastava faollarini jipslashtirgan, shaxsiy tarkib boshqaruvini yoʻlga qoʻyib, sekin-asta oziq-ovqat, transport taʼminotini tartibga keltirgan.
Soʻng oʻz ustida ishlab, bir necha oliy oʻquv yurtini tamomlagan. Natijada qilgan mehnatlari zoye ketmay, egallagan chuqur bilimlari va boy tajribasi orqali u 1970 yilda general-mayor unvoniga sazovor boʻlgan. Koʻp oʻtmay zastava ilgʻorlar safiga koʻtarilgan.
Artikbayev uchun eng ogʻir davr 1979-1989 yillardagi Afgʻon urushi bilan bogʻliq yillar boʻlgan. U qizining toʻyi boʻlayotgan kunda urush boshlanib, Afgʻonistonga olib ketilgan. Qahramonimizga oʻta ogʻir va masʼuliyatli vazifalar topshirilganligiga qaramay, u barchasini benuqson bajarib, muvaffaqiyat qozongan.
70 yildan oshiq vaqt davomida u bilan qoʻshqanot boʻlib, turmushi davomida urush davridagi mashaqqatlarga guvoh boʻlgan Shahzoda ayaning soʻzlab berishicha, general-mayor Artikbayev xizmati davomida 20 marotaba lavozimga koʻtarilgan. Lavozimining tez-tez oshishi natijasida uning oilasi bilan bir hududdan ikkinchi hududga joylashishiga toʻgʻri kelgan.

A.Artikbayev sazovor boʻlgan bir uyum orden va medallar boshqa mukofotlarini hisobga olmaganda 60 dan oshiq ekan.
Mana bunisi (koʻrsatyapti) Moʻgʻilistonda berilgan, mugʻulcha yozuvlari bilan, deydi Shahzoda aya turmush oʻrtogʻining medallarini ehtiyotkorlik bilan qoʻliga olib, faxr bilan: "Aslida qaxramonliklari juda koʻp. Ayrimlarini qaysi xizmati uchun berilganini bilmayman. Chunki undagi yozuvlar xorijiy tilda. Orden medallari koʻpligidan sogʻligi zaiflashganligi sababli, ularni bir oʻzlari koʻtarolmaydilar, shuning uchun hamma orden medallarini kostyumiga ilmaymiz", deydi aya.

Artikbayev oʻz ibratli xizmati uchun “Davlat xavfsizligining faxriy xodimi” unvoniga sazovor boʻlgan. Bundan tashqari u Oʻrta Osiyo respublikalari Oliy Sovetlari Prezidiumlari faxriy yorliqlari bilan ham taqdirlangan.
Hatto Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan soʻng ham uning tajribasiga tayanilgan. U konsultantlar guruhi rahbari, keyinchalik mamlakat Milliy xavfsizlik xizmatida maslahatchi boʻlgan.
A.Artikbayev isteʼfoga chiqqach ham, faol jamoatchi sifatida ish olib bormoqda. Bugun u Oʻzbekiston chegara oʻshinlari faxriylari Assotsiatsiyasining boshqaruvchi aʼzosi, Faxriylar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi hamdir.

Suhbatimiz tarix bilan bogʻliqligi bois, juda qiziqarli boʻlib, toʻxtashini istamas edik. Ammo turmush oʻrtogʻi urinib qolmasligi uchun Shahzoda aya suhbatni yakunlashimizni iltimos qildilar. Shu bois qahramonimiz va uning ahil oilasi bilan samimiy xayrlashib, ortga qaytdik. Koʻnglimizda esa yana bir bor tinchlik neʼmatini his etib, oramizda Oʻzbekistonning ana shunday oʻrnak olarli jasoratli insoni borligidan faxrlandik.