TOShKENT, 21 fev - Sputnik. Singapur kompaniyasi Toshkentda musordan o‘g‘it ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqida Toshkent shahar hokimligida Singapurning Alpha Global Capital Pte. kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Singapur kompaniyasi bu yo‘nalishda yetarli tajribaga ega bo‘lib, ular qattiq va aralash turdagi chiqindilarni qayta ishlash natijasida ekologik toza o‘g‘itlar ishlab chiqarish, qurilish materiallarini tayyorlash, shuningdek, suvni zararsizlantirish uchun qator texnologiyalarni ishlab chiqqan.
Kompaniya taklif etayotgan texnologiyalar kichik hududlarga mo‘ljallangan bo‘lib, transport xarajatini talab etmaydi, atrof-muhitga zararli moddalarni chiqarmaydi, shuningdek, energiya tejamkordir. Suvni zararsizlantirish bo‘yicha takliflari esa, kanallarning sanitar holatini yaxshilash va obodonlashtirish uchun foydali, deyilgan xabarda.
Uchrashuvda “Maxsustrans IChB” va “Suvsoz” DUK rahbarlari, Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti direktori o‘rinbosari va boshqa mas’ullar ishtirok etishdi.