TOSHKENT, 20 fev — Sputnik. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoʻshni davlatlar OTMda oʻqiganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni qalbakilashtirish holatlari kuzatilayotgani haqida ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, vazirlikning Hududiy ishchi guruhlariga fuqarolar tomonidan qalbaki (soxta, yasama) hujjatlar topshirilayotganligi aniqlanmoqda.
“Oʻqishini qoʻshni davlatlardagi oliy taʼlim muassasalaridan koʻchirish toʻgʻrisida ariza topshirgan fuqarolarning hujjatlari toʻliq tekshiriladi va qalbaki hujjatlar aniqlangan taqdirda talabalikka qabul qilinmaydi hamda hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etiladi”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik qoʻshni davlatlarda qalbaki hujjat qilib berishni taklif etayotgan tamagir va firibgarlardan ehtiyot boʻlishga chaqirgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston fevral oyining boshida qoʻshni davlatlardagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻz fuqarolariga hech qanday imtihonlarsiz oʻqishini mamlakatga koʻchirish imkonini bergan edi. Murojaatlar soni koʻpligi sabab hujjat qabul qilish 15 martga qadar uzaytirilgan.