Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning iyul oyida Olmazor tumani faollari bilan yigʻilishda dabdabali toʻylar masalasiga toʻxtalgan va bunday marosimlarni hech kim oʻz maoshi evaziga qilmasligini, bu esa, ogʻir ahvolda kun kechirayotgan aholi gʻazabini keltirishi mumkinligini aytgan edi.
Davlat rahbarining ushbu soʻzlaridan keyin mamlakatdagi mutasaddi idoralar harakatga tushib ketdilar. Xususan, respublikada keng koʻlamda toʻy kortejlarini jarimaga tortish ishlari boshlab yuborildi.
Va nihoyat, 2019 yilning oktyabriga kelib, Oliy Majlis tomonidan toʻy va boshqa marosimlar qonun kuchiga tenglashtirilgan nizom bilan tartibga solinishi eʼlon qilindi.
Hujjatga koʻra, endilikda Oʻzbekistonda maʼraka va marosimlarga 200, osh marosimiga 250 nafardan ortiq kishini taklif qilish hamda yosh kelin-kuyovni FHDYoga olib boradigan kortej uchta yengil mashinadan iborat boʻlishi belgilandi hamda jamoatchilik xavfsizligi uchun xavf tugʻdiradigan boshqa transport vositalaridan foydalanish qatʼiyan taʼqiqlandi.
Undan tashqari, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar soat 06:00 va 23:00 oraligʻida oʻtkazilishi belgilanib, bir kundan ortiq nishonlash (dafn etish marosimi bundan mustasno) qatʼiy man etildi.
Toʻy va marosimlarni tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom eʼlon qilindi >>>
Shuningdek, nizom bilan milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan turli shou, qoʻshimcha rasm-rusumlar ("kelin navkari", "chorlar", "ota koʻrdi", "sep yoydi", "quda chaqirdi", "kuyov chaqirdi", "kelin chaqirdi", "togʻora yuborish", "pul sochish" va hokazolar) bekor qilindi.
Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Oʻzbekistondagi mutasaddi rahbarlarning dabdabali toʻylar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

- Ochigʻi, toʻylarning kamxarajat, tartibli oʻtkazilishi masalasi bundan yuz yillar oldin ham dolzarb boʻlgan va bu borada kuyunib gapirilgan. Agar yaqin oʻtmishga murojaat qiladigan boʻlsak, jadidchi bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy "Oila" jurnalining 1915 yildagi nashrida shunday deganlar: "Toʻy va taʼziyagʻa sarf qiladurgʻon oqchalarimizni biz ilm va din yoʻligʻa sarf etsak, Ovroʻpolardek taraqqiy etarmiz va oʻzimizda, dinimizda obroʻy va rivoj toparmiz. Yoʻq, hozirgʻi holimizda davom etsak, din va dunyogʻa zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz boʻlmaydi". Ayniqsa, hozirgi vaqtda toʻylarimiz na Yevropa va na Osiyo toʻylariga oʻxshaydi, qanaqadir bachkanavozlikdan nariga oʻtmay qoldi va shuning uchun ham qoʻshma qaror qabul qilindi, - dedi Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev.
Senator fikricha, bir asr oldin oʻzbek millatini taraqqiyotdan toʻydagi ortiqcha dabdaba, afsuski, hozirga kelib, yana avj olgan. Ayrim fuqarolar dabdabali toʻy marosimlar va ularni oʻtkazishga sarflangan katta harajatlar oqibatida, qarzga botib qolmoqda. Yoki boʻlmasa, chetga chiqib, mehnat qilib, katta qiyinchilik bilan topgan pulini, vataniga qaytgach bitta toʻyga bir zumda sarflab yubormoqda. Yaʼni pul topish yoʻlini oʻrgangan shaxs, maʼnaviy jihatdan qashshoqligicha qolmoqda va obroʻ-eʼtibor tanqisligi oʻrnini "kimoʻzar"ga aylangan, dabdabali toʻy va boshqa marosimlar bilan qoplashga urinmoqda.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Dilorom Toshmuhammedova esa bugungi kunda fuqarolarda "orzu-havas" tushunchasi shunchaki bahonaga aylanib qolganiga urgʻu berdi.
"Ayniqsa, ayollarimiz orasida mana shu "orzu-havas"ga intilish, u yoki bu jarayonni koʻz-koʻz qilish va oʻz oilasining ijtimoiy maqomini shu orqali koʻtarish holatlari afsuski, koʻplab uchramoqda. Toʻylar borasida fuqarolarimiz fikrlarini oʻrganganimizda, baʼzi oilalarda toʻydagi "oldi-berdi"lar masalasi majburiyatdek boʻlib qolganligi va bu majburiyat bajarilmasa, qaysidir taraf oʻzini kamsitilib qolgandek his qilishini eshitdik", - deydi Toshmuhammedova.
Shuningdek, oʻrganishlar jarayonida aksariyat yangi hayot ostonasida turgan yoshlarda ertangi kun toʻgʻrisida aniq fikr shakllanmaganligi aniqlangan.
"Baʼzi yoshlarimiz oʻz oldiga oddiy maqsadni qoʻyishni bilmasliklari guvohi boʻldik. Ular uchun goʻyo toʻy - bir majburiyat, yaʼni "Otam toʻyimni koʻrsin, onam toʻyimni koʻrsin" qabilidagi. Yoshlarimiz oilani tartiboti qanday, oila qanday quriladi, oila iqtisodiyoti nimadan iborat, degan tushunchalarni toʻliq anglab yetmagan holda, toʻyga harakat qilishmoqda", - dedi Toshmuhammedova.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov nega toʻylar masalasi Senat darajasiga koʻtarilganiga izoh berib, ijtimoiy tarmoqlarda boʻlayotgan qizgʻin bahs-munozaralarga oʻz munosabatini bildirdi.
"Nega bu masala Senat darajasiga koʻtarildi? Chunki prezident virtual qabulxonasi boʻladimi, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari bilan bogʻliq uchrashuvlar boʻladimi - bu masala eng ogʻriqli masala sifatida koʻp koʻtarildi. Hammamiz eʼtibor beryapmizki, 5-6% odam qoʻshtirnoq ichidagi namunali toʻylarni boshlaydi-da, keyin jamiyatda qolgan odamlar uchun unga yetish ogʻriqli masalaga aylanadi. <...> Mana shu qaror chiqqandan keyin, internet va OAVlarni koʻp kuzatdik. Har kim har-xil talqin qilmoqda. Kimdir, bundanam qattiqroq choralar qabul qilish kerak, desa, yana kimdir toʻy-marosimlari - har kimning oʻzini shaxsiy ishi, unga aralashish insonni haq-huquqlarini poymol etish bilan barobar, deya fikr bildirmoqda. Bir qarashda shaxsiy koʻringan masala - nega ijtimoiy masala sifatida talqin qilinayapti? Chunki bu jamiyatning maʼnaviy muhitig, jamiyatdagi mezonlar, muvozanat oʻzgarishiga qaysidir maʼnoda taʼsir qilayapti", - dedi senator.
Hojimatov, shuningdek, dinda isrofgarchilik haqida nima deyilganini eslatib oʻtdi.
"Muqaddas dinimiz koʻrsatmalarida aytilyaptiki: "Kibru-havoga berilib, odamlar meni maqtasin, degan maqsadda yozilgan dasturxon - isrofdur", "Ortiqcha yegan luqmangiz ham isrofdur". Yoki insonni ortiqcha gʻurur va isrof eng katta xatolarga boshlashi ham yozilgan. Afsuski, koʻpincha fikru-yodimiz yigʻinish bilan oʻtib ketib qolayotgandek tuyuladida ayrim holatlarda. Alloh bergan rizqini faqat qorniga va egniga ishlatadiganlardan boʻlmang!", - dedi oʻz gapi yakunida senator.