TOShKENT, 19 fev – Sputnik. Turkiya Respublikasi prezidenti saroyida O‘zbekiston Respublikasi prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Turkiyaning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Shundan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘zaro manfaatli imkoniyatlarni ishga solish, yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Transport sohasidagi aloqalarni kengaytirish, Turkiya orqali Yevropaga multimodal xalqaro tashuvlarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Intensiv bog‘dorchilik, baliqchilik, chorvachilik, naslchilik yo‘nalishlarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini o‘zlashtirish, universitetlar va ilmiy markazlar bilan qo‘shma tadqiqotlar olib borish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekistonda zamonaviy qo‘shma klinikalar va diagnostika markazlari tashkil etish, kichik biznes, to‘qimachilik kabi yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish taklifi ko‘rib chiqildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama siyosiy muloqot va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga intilish qat’iy ekani yana bir bor tasdiqlandi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.