TOShKENT, 17 fev — Sputnik. O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Ala-Too ayimdari” (“Ola-Tau xonimlari”) ekologik harakati tomonidan “2019 yil odami” unvoni berilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, respublika rahbariyati topshirig‘iga binoan maxsus mukofot va diplomni olish uchun tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Bishkek shahriga kelgan.
Marosimda “Ala-Too ayimdari” ekologik harakati rahbari Jipargul Bargibayeva nutq so‘zlagan. U o‘z nutqida O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoda do‘stlik, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida amaliy va qardoshlik muhitini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat O‘zbekiston rahbari nomzodini tanlashning asosiy sababi bo‘lganini ta’kidlagan.
“Ala-Too ayimdari” harakati mukofoti, aslida, butun Qirg‘iziston xalqining irodasi ifodasidir”, - deyilgan xabarda.
Ilhom Ne’matov O‘zbekiston prezidenti nomidan “Ala-Too ayimdari” harakatiga va u orqali shaxsan qardosh Qirg‘iziston xalqiga O‘zbekiston rahbarining o‘zaro manfaatli o‘zbek-qirg‘iz hamkorligini mustahkamlashdagi xizmatlari e’tirof etilgani uchun samimiy minnatdorlik va chuqur hurmatni izhor etdi.