TOSHKENT, 17 fev – Sputnik. “Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 martdan boshlab nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha vazirlik va idoralar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, yuridik yoʻnalishdagi OTMlar taʼlim dasturlariga nazorat ostidagilarning psixologik portretini oʻrganish boʻyicha maxsus mavzular kiritiladi hamda tegishli OTMlarda psixologiya yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalarning probatsiya boʻlinmalarida amaliyot oʻtashlari yoʻlga qoʻyiladi.
Qaror bilan 2020-2021 yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari rejasi hamda hamkorlikdagi faoliyat mexanizmi tasdiqlandi.