TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Tojikiston poytaxtida o‘zbek yengil avtomobillari va tijorat texnikasini yirik blokli yig‘uv zavodi paydo bo‘lishi mumkin.
“O‘zavtosanoat” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Dushanbe shahri meriyasi vakillari “O‘zavtosanoat” korxonalari faoliyati bilan tanishish uchun O‘zbekistonga ishchi tashrif kelgan.
Ushbu tashrif doirasida Dushanbe meriyasi vakillari “O‘zavtosanoat” AJ rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdilar.
Tomonlar ehtimoliy hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, Dushanbeda yengil avtomobillar va tijorat texnikasini yirik blokli yig‘uv zavodini ochish loyihasini amalga oshirishni muhokama qildilar.
Shuningdek, mehmonlar “O‘zavtosanoat”ning asosiy ishlab chiqarish korxonalari Asakadagi yengil avtomobillar ishlab chiqarish zavodiga, Samarqanddagi “SamAvto”, “O‘zavtotreyler”, “Uz Truck and Bus Motors”, shuningdek, Toshkendagi UzAuto Motors Powertrain zavodlariga bordilar.