TOShKENT, 14 fev – Sputnik. JSTning savdoni soddalashtirish qo‘mitasi Qozog‘iston Qirg‘izistondan tranzit yuklariga nisbatan savdo cheklovlari masalasini ko‘rib chiqdi, deb xabar qildi Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi.
Qirg‘iziston tomoni bayonotida aytilishicha, 2019-yil davomida chegaradagi murakkab vaziyatni hal qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish uchun Qozog‘istonga rasmiy yozma murojaatnomalar yuborilgan va JSTda ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.
“Qirg‘iziston Qozog‘iston tomonini avtomobillarning to‘planib qolishi bilan bog‘liq vaziyat bilan batafsil tanishtirdi va amaldagi savdo to‘siqlarini olib tashlash hamda JST tomonidan belgilangan qoidalar asosida harakat qilish zarurligini bildirdi”, - deyilgan Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi.
Muzokaralar vaziyatning yaxshilanishiga olib kelmadi, shuning uchun 2020-yil 11-fevralda Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Eldor Alisherov va Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha Iqtisodiyot vazirligi vakolatxonasi rahbari Nurbek Maksutov Jenevada JSTning savdo protseduralarini soddalashtirish qo‘mitasi yig‘ilishida qatnashdilar.
“Qirg‘iziston Respublikasi JST a’zolariga Qozog‘iston Respublikasining yuklarni tashish, yuklarni tekshirish va Qozog‘iston orqali tranzit yuk tashishdagi qiyinchiliklar, Qozog‘iston xalqaro savdo qoidalariga rioya qilmasligi haqida axborot berdi”, - deyilgan xabarda.
Qirg‘iziston Respublikasi Qozog‘iston tekshiruv organlari vakillarining noqonuniy xatti-harakatlari, qirg‘izistonlik yuk tashuvchilar Qozog‘iston hududidan o‘tayotganda nazorat punktlarida yuklarning kuchaytirilgan tekshiruv bilan bog‘liq bo‘lgan qiyinchiliklar haqida bayon qildi.
JST qo‘mitasi a’zolari Qozog‘iston xatti-harakatlari uzunligi 10 kmgacha bo‘lgan yuk transportining to‘plashiga olib kelganligi, chegarada va ixtisoslashgan zonalarda joylashgan yuk tashish mashinalarning soni esa qariyib 250 donani tashkil etgani haqida xabardor qilindi.
"Qozog‘istonning xatti-harakatlari Qirg‘izistonning uchinchi davlatlar bilan savdo aloqalariga, shuningdek har bir yuk tashuvchiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazmoqda", deyilgan xabarda.
Qirg‘iziston o‘z nutqida JSTning asosiy kelishuvlari qoidalarining buzilgan moddalarini keltirdi va Qozog‘istonni JST oldidagi majburiyatlarini qat’iy bajarishga va ushbu tashkilotning kelishuvlari asosida harakat qilishga chaqirdi, shuningdek, yashirin savdo to‘siqlarini zudlik bilan olib tashlash va Qirg‘iziston yuk tashuvchilariga to‘sqinliksiz tranzit yo‘llarini taqdim etishni talab qildi.
Sputnik Qozog‘iston ma’lum qilishicha, Savdo va integratsiya vazirligi Qirg‘izistonning JSTga shikoyati bo‘yicha rasmiy bayonot tayyorlamoqda.