Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanida respublika tashqi siyosiy mahkamasi vakili AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkentga tashrifi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgani va O‘zbekistonning boshqa sheriklari tomonidan ayrim havotirlar bildirilganini aytdi.
"Shuni ta’kidlamoqchimanki, Toshkentning birorta davlat bilan hamkorligi boshqa davlat bilan aloqalarga qarshi qaratilmagan. U yoki bu derjavaning yuqori martabali amaldorlarining oliy tashriflari esa uchinchi davlatlar manfaatiga zid emas. Biz faqatgina o‘zimizning milliy manfaatlarimizga amal qilamiz va Rossiya Federatsiyasi bilan ham, AQSh bilan ham, Xitoy bilan ham do‘stona aloqalardamiz. Bu yerda hech qanday ziddiyatga o‘rin yo‘q", - dedi Ne’matov.
AQSh Davlat kotibi tomonidan aytilgan, "Qozog‘iston va O‘zbekiston infratuzilmasi Xitoyda chiqqan o‘lim keltiruvchi koronavirusga qarshi kurashishga tayyor emasligi" haqidagi gaplarga izoh berar ekan, diplomat, epidemiya boshlangan vaqtdan buyon respublika TIV XXR va boshqa davlatlardagi hamkasblari bilan birgalikda chet elda bo‘lib turgan o‘z fuqarolariga zarur yordamni ko‘rsatayotganini qayd etdi.
Koronavirusga urush: O‘zbekiston Pekinga insonparvarlik yordamini yubordi >>>
"Bizga ma’lum bo‘lishicha, holat hozirda nazoratga olingan va virus yoyilishi tezligi pasaygan. Bu haqda xitoylik hamkasblarimizdan xabar topdik. Biz samolyotlarimiz yordamida 500dan ortiq fuqarolarimizni evakuatsiya qildik, bundan tashqari 2 mingdan ziyod o‘zbekistonliklarga boshqa davlatlar tomonidan yordam ko‘rsatilgan. Xitoydagi konsulligimiz va elchixonamiz vatandoshlar bilan muntazam aloqada, biz ushbu umumiy xatarga qarshi ishlarni faol davom ettirmoqdamiz", - deb ishontirdi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari.