TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbekistonlik talabalarning mamlakatdan ommaviy qaytishlari holatiga izoh berdi. Sputnik Qozog‘iston xabari asosida.
Tashqi siyosiy mahkamada aniqlik kiritilishicha, Qozog‘iston TIV O‘zbekiston tomonidan rasmiy murojaat olgan. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha o‘zbek talabalarini vatanga qaytishga chaqirgani aytilgan.
"O‘zbek talabalariga yo‘llangan chorlov qo‘shni respublikada ta’lim tizimining isloh qilinishi bilan bog‘liq. Hozirda O‘zbekistonda chet elda, asosan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda tahsil olayotgan barcha talabalar, ular o‘z o‘qishlarini vatanda, ota-onasining yonida davom ettira olishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilmoqda", - dedi Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston oliygohlarida ayni vaqtda vatandoshlar uchun kvotalar va grantlar soni ko‘paytirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi fevral oyining boshida qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari hech qanday imtihonlarsiz o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishlari mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirish muddati 15 kunga uzaytirildi >>>
Ilgarilari o‘zbek talabalarida bunday imkoniyat bo‘lmagan. Ko‘ngilli ravishda o‘qishni ko‘chirish qarori, talabalar ota-onalari tomonidan o‘z farzandlariga moddiy yordam yuborishda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar tufayli qabul qilingan. Bundan tashqari, talabalarning ota-onalari qo‘shni mamlakatlardagi oliy dargohlardagi ta’lim sifatidan ham norozi bo‘lganlar.