TOShKENT, 11 fev - Sputnik. Tojikiston musulmonlari idorasi qoshidagi ikkita vakolatli shirkat O‘zbekiston din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga "Umra+" tadbirlarini hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha taklif bilan chiqdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilovga tayangan holda.
"Tojikiston Respublikasidan bir xat keldi "Umra+" ziyoratlarini shakllantirish bo‘yicha. Keyin aniqlashtirsak, bu Tojikiston musulmonlari idorasi qoshidagi ikkita vakolatli shirkat tomonidan yo‘llangan xat ekan. Unda ziyoratchilarni O‘zbekistonga olib kelib, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarini aylantirib, so‘ngra joriy etilgan reyslar orqali umra ibodatlariga yo‘naltirsak, degan taklif bildirilgan", - dedi Komilov.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tomoni ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan va u hozirda o‘rganib chiqilmoqda.
"Natijalarini xalqimiz manfaati nuqtayi-nazaridan hal qilamiz", - deb qayd etdi Komilov.