TOShKENT, 11 fev — Sputnik. 2020-yilning 1-aprelidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk xarid qilishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartib joriy etiladi. Bu 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.
Loyihalarda:
- 2020-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishda doimiy propiska mavjudligi haqidagi talabni bekor qilish;
- O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslardan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish;
- ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlar o‘rtasida tafovutni bartaraf etish va ichki migratsiyani erkinlashtirish nuqtayi nazaridan, propiska tizimini isloh qilish nazarda tutiladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida joriy yilning aprel oyiga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha chora tadbirlar ishlab chiqish kerakligini ta’kidlagan edi.