TOShKENT, 11 fev - Sputnik. Muqaddas Ramazon oyida 44 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari umra ziyoratini amalga oshiradilar, dedi seshanba kuni "Umra safarini tashkil etish va o‘tkazish" mavzusida o‘tkazilgan brifingda din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov. Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.
"Shu paytga qadar Ramazon umrasini amalga oshirish ko‘pchilik fuqarolarimiz uchun orzu edi. Ammo ramazon oyida umra qilishning yana bir o‘ziga xos tomoni - Saudiya tomoni bu oyda barcha narxlarni ko‘taradi. Yashash, yemak-ichmak va boshqa barcha xizmatlar narxi ko‘tariladi. Narxlar oddiy umradan farqli o‘laroq Haj mavsumidagi narxlarga yetib qoladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Haj va Umra ziyoratini tashkil etish bo‘yicha Saudiyadagi rasmiy hamkori – "Al-Hidaya Hajj, Umrah & Tourism Co" shirkati shuni o‘z bo‘yniga oldi-ki, Ramazon oyida ham oddiy umra vaqtidagi narxlarni saqlab qolishga kelishildi", - deb ma’lum qildi Komilov.
Sal oldin, 22-iyun kuniga qadar yuz mingdan ortiq o‘zbekistonliklar umra safarini amalga oshirishlari rejalashtirilgani, 10-mart sanasidan boshlab Toshkent-Madina-Toshkent 3-reysi yo‘lga qo‘yilishi mo‘ljallangani haqida xabar bergan edik.