TOShKENT, 10 fev — Sputnik. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi "TezYoz" loyihasi ishga tushirildi.
Qayd etilishicha, loyiha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jamoasi tomonidan yoshlar orasida o‘zbek tilida bexato yozilishini ta’minlash, shu orqali davlat tili nufuzini oshirish, uni saqlab qolish maqsadida joriy etilgan. Loyiha orqali muloqot qiluvchilarning “sh”, “ch” va “o‘” harflarini 4 va 6 tarzida xato yozishlariga xojat qolmadi.
Ayni damda ish faoliyatida bo‘lgan sayt foydalanuvchining o‘zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi. Sayt bosh sahifasida uning imkoniyatlari keltirib o‘tilgan.
Unda foydalanuvchilar “Sinov rejimi”1ni tanlab, biror asardan parcha yoki yakka so‘zni yozib ko‘rishi mumkin. Bu vaqtda yozilgan so‘zlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yozilayotgani hamda qancha vaqt sarflangani ko‘rinib turadi.
Belgilangan vaqt oxiriga yetgach, foydalanuvchining nechta so‘z yozgani, ularning qay biri to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Sayt foydalanuvchilari boshqa foydalanuvchilar bilan o‘zaro bellashi mumkin bo‘lib, kimning qaysi o‘rinda ekanligi ko‘rinib turadi. To‘g‘ri va noto‘g‘ri so‘zlar hamda tezlik bo‘yicha natijalar o‘yin so‘ngida e’lon qilinadi.
“TezOz” platformasida shuningdek, tanlovlar e’lon etilib, unda faqat saytda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilargina ishtirok etishi mumkin. Tanlov ishtirokchisi sinov rejimida matn yozib, tez yozish bo‘yicha o‘z tezligini yaxshilab borishi mumkin.
Yuqori o‘rin egalari natijalarga qarab yangilanib turadi va tanlov muddati tugagach, g‘oliblar taqdirlanadi. Tanlovlar mukofoti ham bevosita e’lon qilib boriladi.