TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi xizmat — shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olish ishga tushirildi. Bu haqda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Endilikda ariza beruvchi, yo‘lovchilar va yuklarni tashishni amalga oshirish uchun litsenziya olishga quyidagi havola orqali ariza berishi kifoya. Bunda zarur maydonchalar to‘ldiriladi va ariza tasdiqdan o‘tishi 3 ish kuni davomida kutiladi”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarida (223 ming so‘m) yig‘im undiriladi. Litsenziya kartasini berish uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
Litsenziyani berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma yozma yoki elektron shaklda bir ish kuni ichida taqdim etiladi. Litsenziyaga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat bojini to‘lash muddati ko‘rsatilgan litsenziya bitimi ilova qilinadi.