TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Ikki nafar yosh bolaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan noma’lum erkakning shaxsi aniqlandi.
IIV xabarida qayd etilishicha, 15-yanvar kuni olingan tasvirdagi erkak Namangan viloyati Chust shahrida yashovchi 29 yoshli S.P. ekanligi aniqlangan.
Fuqaro S.P. voyaga yetmagan farzandlarini tashlab Rossiyaga ketib qolgan turmush o‘rtog‘ini qaytarish maqsadida o‘zi videoga olganligi va turmush o‘rtog‘iga yuborganligi ma’lum qilgan. Video uning turmush o‘rtog‘i tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.
U qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, ushbu holat jamoatchilik orasida shov-shuvga va ularning haqli e’tiroziga sabab bo‘lganligi uchun kechirim so‘ragan.
Xabarda hozirda Chust tumani IIB tomonidan holat bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilayotgani qo‘shimcha qilingan.