TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Termiz shahrida patrul-post xizmati xodimlari ikki nafar keksa ayollarning hayoti saqlab qolishdi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, 7-fevral kuni soat taxminan 02:00 larda shaharning “Amu sohil” mahallasi hududi bo‘ylab xizmat olib borayotgan Surxondaryo viloyati Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi PPX bataloni 1-otrad xodimi safdor Anvar Begimov va 2-otrad haydovchi xodimi safdor O‘tkir Qodirovlar yong‘inni ko‘rib qolishgan.
Yong‘in “Porloq yo‘l” ko‘chasida joylashgan 27-uy yotoqxonasida sodir bo‘lgan. U uyda ikki nafar ayollar borligi aniqlangan. Tutun zahridan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan yoshi keksa ayol o‘ng yoniga ag‘darilgan holatda yordamga muhtoj bo‘lgan.
Tezkorlik bilan keksa ayollarga yordam qilish maqsadida ularga birinchi navbatda toza havo zarurligini bilgan holda bexavotir hamda xavfsiz joyga olib chiqishib, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishadi va xonadondagi yong‘inni bartaraf qilish choralarini ko‘radi.
Xonadon egasi 1957-yilda tug‘ilgan Svetlana Ya. hamda uning qo‘shnisi 1961-yilda tug‘ilgan Natalya R.lar ekanligi aniqlangan.
“Ularga patrul-post xizmatining jonkuyar xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan qutqaruv yordami tufayli ularning hayoti va sog‘ligiga hech qanday zarar yetmagan”, - deyilgan xabarda.
Hozirda holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan yong‘in kelib chiqish sabablarini o‘rganish maqsadida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.