TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan budjetga 1,4 trln. so‘mga yaqin mablag‘ qo‘shimcha hisoblanib, shundan 563 mlrd. so‘mi undirildi. Bu haqda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro burosi xodimlari ishtirokida kengaytirilgan hay’at majlisida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan jami 2 trln. 341 mlrd. so‘mlik zararni qoplanishi ta’minlangan.
Tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 4.163 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi, 15.961 nafariga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashildi.
“Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan budjetga 1,4 trln. so‘mga yaqin mablag‘ qo‘shimcha hisoblanib, shundan 563 mlrd. so‘mi undirildi, noqonuniy muomaladagi 3 mln. 306 ming AQSh dollari va 6,9 mlrd. so‘m olib qo‘yildi”, - dedi Yo‘ldoshev.
Shuningdek, Majburiy ijro burosi tomonidan ham gaz va elektr energiyasidan 37 trln. so‘m, ijro hujjatlari bo‘yicha 15,7 trln. so‘mlik undiruvlar amalga oshirilgan.