TOShKENT, 7 fev – Sputnik. Qozog‘iston Oliy muftiysi Serikbay hoji Oraz sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli iste’foga chiqdi. Uning o‘rniga Naurizbay hoji saylandi. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar qildi.
Seribay hoji o‘z iste’fosi haqida “Hazrat Sulton” masjidida o‘tkazilgan Qozog‘iston musulmonlar idorasi IX qurultoy yig‘ilishida ma’lum qildi.
Serikbay hoji 2017-yil 8-dekabrda Qozog‘iston Musulmonlar idorasi raisi etib saylangandi.
U o‘zining o‘rniga Naurizbay hojini taklif qildi.
Naurizbay hoji 2018-yil oktabrdan beri mamlakat Musulmonlar idorasi raisining birinchi o‘rinbosari, Nur-Sulton shahri bo‘yicha idora vakili, “Hazrat Sulton” masjidi bosh imomi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
U Toshkentdagi Imom Al-Buxoriy nomidagi islom instituti (1993-1997 y.), Qozog‘iston musulmonlar idorasi qoshidagi islom institutida (1999-2001 y.) tahsil olgan.
2009 yilda Misrda o‘z malakasini oshirgan. 2010-yilda Abay nomidagi Olma-Ota davlat universitetii tarix fakultetini, 2011-2013 yillarda esa oliygohning “dinshunoslik” mutaxassisligi magistraturasini tamomlagan.