TOShKENT, 5 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston aholisi orasida O‘zbekistonda AES qurilishi munosabati bilan ommaviy eshituvlar tashkil qilinadi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Energetika vazirligi axborot xizmati.
Xalqaro meyorlar va MAGATE ning talablariga muvofiq yaqin kelajakda O‘zbekiston Respublikasi va qo‘shni davlatlar hududida, shu jumladan, Qozog‘iston Respublikasida O‘zbekiston AES inshootlarini joylashtirish va ulardan foydalanishga doir faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha jamoat eshituvlari o‘tkazilishi kutilmoqda, - deyilgan xabarda.
Kecha 5-fevral kuni Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri M. Mirzagaliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Unda O‘zbekistonda AES qurilishi, umuman davlat yadroviy-energetika dasturini amalga oshirish va yadroviy infratuzilmani yaratish, shuningdek yadroviy xavfsizlik sohasidagi xalqaro huquqiy vositalarni implementatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Qozog‘iston tomoni qo‘shni davlat tomonidan atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralarni ijobiy baholadi va bundan buyon atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida yaqindan hamkorlik qilishni taklif etdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra ushbu yo‘nalishda birgalikda ish olib borish bo‘yicha kelishuvga erishildi.