TOShKENT, 5 fev – Sputnik. Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Farxod Shermatov “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi prezident qarori bilan qabul qilingan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Prezident qarori loyihasini tayyorlash jarayonida xorijiy davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqildi. Yangi hujjat bilan xizmat o‘tash tartibi bilan bog‘liq masalalar optimallashtirildi. Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi: harbiy unvonlarni berish, lavozimga tayinlash, qurolli kuchlarini jamlash prinsipi belgilandi.
“Hujjat bilan harbiy xizmatni o‘tash hududiy prinsipi joriy etildi, ya’ni harbiy xizmatchilar harbiy xizmatga chaqirtirilgan joyda xizmat o‘tashlari mumkin”, - dedi Shermatov.
Shuningdek, serjant tarkibidagi xizmatchilarga harbiy unvonlarini berish bo‘yicha tegishli normalar kiritildi.
Shermatov harbiy xizmatchilarga qo‘shimcha imtiyozlar (tibbiy yordam va moddiy) joriy etilganini ta’kidlab o‘tdi.
Hujjatda harbiy xizmatchilarning oilalari, farzandlarini bog‘cha va maktablarga navbatsiz joylashtirish bo‘yicha imtiyozlar nazarda tutilgan.
“Harbiy xizmatchilar yirik shaharlardan uzoqda joylashgan har xil garnizonlarda xizmat o‘tashadi, bunday joylarda harbiy xizmatchilari oila a’zolarining ish bilan ta’minlash, ularning farzandlarini ta’lim muassasalariga joylashtirishda muammolar paydo bo‘ladi. Bularni hal etishda bu imtiyozlar yordam beradi”, - dedi Shermatov.
Bundan tashqari, harbiy xizmatni o‘tash, attestatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni yuritish masalalari aniq belgilab berildi.