TOShKENT, 4 fev – Sputnik. Ko‘p miqdorda qizil, parranda go‘shti yoki kolbasani iste’mol qilish yurak qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi. Bunday xulosaga AQSh Finberg tibbiyot maktabi (Chikago) va Kornel universiteti (Nyu-York) olimlari keldi. Ilmiy ish matni EurekAlert portalida chop etildi.
Tadqiqotchilar 30 mingga yaqin odamning (o‘rtacha 53,7 yosh) ma’lumotlarini tahlil qilishdi, sog‘lig‘i va kundalik ovqatlanish holati kuzatildi. Olimlar kuzatuvi 30-yil davomida olib borildi.
Aniqlanishicha, haftasiga ikki porsiya qizil va qayta ishlangan go‘sht, shuningdek parranda go‘shtini iste’mol qilish yurak va qon tomir kasalliklarini rivojlanish xavfini uch-yetti foizga oshiradi.
Olimlar go‘sht mahsulotlarini iloji boricha kam iste’mol qilishni tavsiya qilishdi va ulardan foydalanish nafaqat yurak-qon tomir kasalliklari, balki saraton kasalligi bilan ham bog‘liqligini ta’kidladi.
Haftada ikki porsiya parranda go‘shti erta o‘lim xavfini to‘rt foizga oshiradi, ammo olimlar ushbu ma’lumotlar ushbu mahsulotning sog‘liq uchun zararli ekanligi to‘g‘risida aniq xulosa chiqarish uchun yetarli emasligini ta’kidladilar. Tadqiqotchilar bu xavf tovuq go‘shtining o‘zi emas, balki uni tayyorlash usulida (masalan, teri yoki terisiz) deb taxmin qilishdi.
Olimlar baliq, yong‘oq va dukkakli o‘simliklar inson salomatligi uchun oqsilning maqbul manbai bo‘lishini aytishdi.