TOShKENT, 3 fev – Sputnik. Toshkentda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokida “C5+1” shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, Sputnik muxbiri xabariga asosan.
Unda Qozog‘istondan Muxtor Tleuberdi, Qirg‘izistondan Chingiz Aydarbekov, Tojikistondan Sirojidin Muxriddin, Turkmanistondan Rashid Meredov hamda Abdulaziz Kamilovlar ishtirok etishdi.
Delegatsiyalar rahbarlari o‘z nutqlarida 2015-yili Samarqand shahrida boshlangan vazirlar uchrashuvlarining formati o‘zaro manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kengaytirishning dolzarb va samarali mexanizmi sifatida o‘zini namoyish etgani qayd etdilar.
“C5+1” doirasidagi yuqori darajadagi aloqalar doimiy va barqaror tus olayotgani ta’kidlandi. Mintaqaviy rivojlanishning dolzarb yo‘nalishlari, xususan iqtisodiyot, energetika, transport, ekologiya va xavfsizlik bo‘yicha amaliy hamkorlik izchil tadbiq etilmoqda.
Shuningdek, vazirlar uchrashuvida dolzarb mintaqaviy muammolar, xususan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.