TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Bosh prokuraturada yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokuratiga matbuot xizmati xabariga ko‘ra, videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, sug‘oriladigan ekin yerlarining ajratilishi va foydalanilishi ahvoli hamda sohada qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda yer maydonlarini ajratish va undan foydalanishdagi tizimli kamchiliklar, tegishli idoralarda mazkur sohada korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amaliy ishlar oqsayotganligi, tizimdagi ayrim rahbarlar bu illatdan qutula olmayotganligi yig‘ilishda tanqidiy muhokama etildi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’ruzasida so‘nggi ikki yilda 56 ming gektar yer maydoni hokimliklar tomonidan noqonuniy ajratilganligini ko‘rsatib, mutasaddi rahbarlardan qonun talablariga qat’iy rioya etish talabini qo‘ydi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yilda respublika bo‘yicha 83 ta holatda 112 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydoni qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer sifatida ajratib yuborilgan.
So‘nggi ikki yilda yer sotish, talon - toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 473 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 543 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu jinoyatlarning 71 tasini poraxo‘rlik, 354 tasini firibgarlik, 37 tasini soxtakorlik kabi qilmishlar tashkil etadi.
Bu davrda 295 nafar mansabdor shaxs yer qonunchiligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilganligi, ularning 119 nafari yoki 40 foizini yer kadastri xodimlari tashkil etishi qattiq tanqid qilindi.